Duala Afrikadagi kurash markaziga aylandi!

31 May 25

Duala Afrikadagi kurash markaziga aylandi!

27-31 may kunlari Kamerunning eng yirik shahri Dualada Afrika qit’asida kurash sportini rivojlantirishga hissa qo’shayotgan taniqli mutaxassislarni kutib oldi. Bu yerda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi (IKA), Xalqaro kurash instituti (IKI), Afrika kurash ittifoqi, Kamerun kurash assotsiatsiyasi hamkorligida xalqaro murabbiylik va hakamlik seminari tashkil etildi.

Ushbu muhim voqea kurashni Afrikada ommalashtirish va uning ilg‘or tajribalarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan strategik sa’y-harakatlarning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Seminarda butun qit’adan 60 dan ortiq mutaxassislar o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.

Seminarni xalqaro mutaxassislar – IKA texnik direktori Ravi Kapur, IKI ekspertlari Pouresfandiar Mohammadvohid, Rizomat Soliyev va Nuriddin Chorshamievlar olib borishdi. Tadbirning rasmiy ochilishi 28-may kuni Duala shahridagi Frensis Ngannou nomidagi Arena & Academy sport majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda Afrika qit’asining 10 dan ortiq davlati vakillari ishtirok etdi.

Dasturning birinchi qismida IKI tajribali mutaxassislari rahbarligida murabbiy va hakamlar amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Ular kurash texnikasi, usul va musobaqalarni baholash mezonlari bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldilar.

Seminarning ikkinchi kuni kurash nazariyasi va hakamlik qoidalariga bag‘ishlandi. Ertalab professor Pouresfandiar Mohammadvohid “Kurash Usullari” mavzusida amaliy mashg’ulot o’tkazdi. Ishtirokchilar turli Usullarning to‘g‘ri bajarilishi va texnik jihatlarini chuqur o‘rgandilar.

Kunning ikkinchi yarmida IKA texnik direktori janob Ravi Kapur hakamlik bo’yicha master-klass o’tkazdi. U Kurash xalqaro assotsiatsiyasining hakamlik qoidalari, reyting tizimi va hakamlarning axloqiy me’yorlari bilan batafsil tanishtirdi.

Seminar ishtirokchilari bahs-munozaralarda faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob oldilar. Ushbu tadbir, shubhasiz, kurashni Afrika qit’asida keng targ‘ib qilish va mutaxassislarning yangi avlodini yetishtirish hamda bo‘lajak Afrika chempionatiga hakamlar tayyorlash uchun katta imkoniyat yaratadi.