Kolombo, Shri-Lanka – 2025-yil, 25-may. Kurash uchun ushbu tarixiy kunda dunyodagi eng yirik sport tashkilotlaridan biri – Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) Kurashni o‘z taqvimida sport turi sifatida rasman tan oldi. Ushbu muhim qaror 2025-yil 17-25-may kunlari Shri-Lankaning Kolombo shahrida boʻlib oʻtgan CISM Bosh Assambleyasida qabul qilindi.
1948-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Belgiyada joylashgan CISM 140 aʼzo davlatni birlashtirgan va sport orqali harbiy kuchlar oʻrtasida tinchlik va doʻstlikni targʻib qiluvchi nufuzli xalqaro tashkilotdir.
Bu yutuq Kurash xalqaro assotsiatsiyasi (IKA), O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va O‘zbekiston kurash federatsiyasi o‘rtasidagi izchil sa’y-harakatlar, muzokaralar va hamkorlik samarasidir.
Bosh Assambleyada IKA texnik direktori janob Ravi Kapur tomonidan tayyorlangan Kurash bo‘yicha taqdimot CISM rahbariyati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Natijada kurash CISM kalendariga kiritildi.
Kurash bo‘yicha CISM doirasidagi birinchi rasmiy musobaqa – Kurash Challenge Cup 2026-yilning 5-6-sentabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.Musobaqaning yakuniy kuni – 6-sentabr Butunjahon kurash kuniga to‘g‘ri kelganini alohida ta’kidlash lozim.
Kurash xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farman ushbu muhim jarayonda faol ishtirok etgan va tashabbusni ilgari surayotgan IKA Bosh kotibi janob Reza Nassiriga, shuningdek, MDH rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Kurash federatsiyasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
«Bu Jahon Kurash Oilasi uchun faxrli va quvonchli kun. Kurash shunchaki sport emas, bu tinchlik va or-nomus ramzi bo’lgan ma’naviy merosdir. Uning CISM sport dasturiga kiritilgani Xalqaro arenada, ayniqsa, harbiy sportchilar o’rtasida yangi yuksak pog’onani ko’rsatadi», – deyiladi IKA prezidenti o’z maktubida.
Kurashning CISM tizimiga rasman kiritilishi uning xalqaro rivojlanishidagi yangi bosqichni anglatadi. Bu nafaqat sportchilar, balki milliy federatsiyalar va millionlab muxlislar uchun ham katta imkoniyatlar ochadi. Endi kurash nafaqat sport turi, balki turli xalqlar, madaniyatlar, armiyalar o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi. Butun dunyo intizom, an’ana va global birlikka asoslangan kurashning shonli tarixida yangi sahifa bo‘ladigan 2026-yildagi rasmiy debyutini intiqlik bilan kutmoqda.